Acajoom Subscriber Module

Saytimizni shu bolimi,xabarnomaga obuna bo'lish uchun yaratilgan.Siz ham bizni xabarnomamizga obuna bolishingiz mumkin.



PDF Print E-mail
Written by Hidoyat Tahririyat Guruhi   

Dovud va  Sulaymon alayhimassalomlar qissasi

Qur'on Karim Allohning ne'matlari haqida so'z yuritadi

Qur'on Karim Alloh Taoloning ba'zi payg'ambarlariga bergan buyuk ne'matlari haqida goho qisqacha, goho mufassal so'z yuritgan. O'sha payg'ambarlardan ba'zilari Dovud (a.s), Sulaymon (a.s), Ayyub (a.s), Yunus (a.s), Zakariyyo va Yahyo alayhimussalomlardir.

Alloh Taolo Dovud (a.s) va Sulaymon (a.s) alayhimassalomlarga Er yuzida katta imkoniyatlar berdi: podshohlik, odamlar bilmagan ko'p ilmlarni o'rgatdi, kuchlilar va bo'ysunmaslarni, jonligu jonsiz narsalarni ularga bo'ysundirdi. Alloh Taolo dedi: «Qasamki, Biz Dovud (a.s) va Sulaymon (a.s)ga (yetuk) bilim ato etdik va ular: «Bizlarni ko'p mo'min bandalaridan afzal qilib qo'ygan zot – Allohga hamdu sano bo'lsin», dedilar. Sulaymon (a.s) (payg'ambarlik va ilmda) Dovud (a.s)ga voris bo'ldi va aytdi: Ey odamlar, bizga qushlarning (va barcha jonivorlarning) tili bildirildi hamda (payg'ambar va podshoxlarga beriladigan) barcha narsalardan berildi. Albatta bu ochiq fazlu-marhamatning o'zidir». (Naml: 15,16)

Allohning Dovud (a.s)ga bergan ne'mati

Alloh Taolo Dovud (a.s)ga tog'lar va qushlarni bo'ysundirdi. Тog'lar va qushlar uning duosi va tasbehlariga jo'r bo'lar edilar. Alloh Taolo Dovud (a.s)ga urushlarda qo'llanadigan qalqonlarni yasash san'atini ham o'rgatdi. Тemirni Dovud (a.s)ning qo'lida xamirdek yumshoq qilib qo'ydi.

«Biz Dovud (a.s)ga (ulug') bir fazl-martaba ato etdik Ey tog'lar va qushlar (Dovud (a.s)) bilan birga tasbeh aytinglar!» Uning uchun temirni (xamirdek) yumshoq qilib qo'ydik. (Вa unga dedik): «Sovutlar yasagin va (ularni) to'qishda aniq-puxta ish qilgin! (Ey Dovud (a.s) xonadoni), yaxshi amal qilinglar! Zero Men qilayotgan amallaringizni ko'rib turuvchidirman»; (Saba': 10,11)

«Тog'lar va qushlarni Dovud (a.s) bilan birga tasbeh aytadigan qilib bo'ysundirib qo'ydik. Biz shunday qila oluvchidirmiz. Yana (Dovud (a.s)ga) sizlarga ziyon etishidan saqlaydigan sovut ilmini ta'lim berdik. Bas sizlar shukr qilurmisiz?!» (Anbiyo: 79, 80)

 

Dovud (a.s)ning bu ne'matlarga shukronasi

Bu qadar katta mulk va hayratomuz mohir qo'lga ega bo'lishiga qaramay Dovud (a.s) tavozeli, ibodatli, tili doimo zikrda, ko'p duo va tasbih aytuvchi, odamlar o'rtasida haq bilan hukm qiladigan adolatli hokim edi. Alloh Taolo shunday dedi:

Ey Dovud (a.s), darhaqiqat Biz seni yerda xalifa qildik. Sen (nafs) xohishiga ergashib ketmagin! Aks holda u seni Allohning yo'lidan ozdirar. Albatta Alloh yo'lidan ozadigan kimsalar uchun hisob-kitob kunini (ya'ni Qiyomatni) unutib qo'yganlari sababli qattiq azob bordir.» (Sod: 26)  

 

Allohning Sulaymon (a.s)ga bergan ne'matlari

Sulaymon (a.s)ga esa Alloh Taolo shamolni bo'ysundirdi. Shamol uning amri bilan esar va uni istagan eriga qisq vaqt ichida tez olib borar edi. Alloh Taolo bundan tashqari unga kuchli, mohir jinlar va itoatsiz shaytonlarni bo'ysundirdi. Ular Sulaymon (a.s)ning amrlarini bajo keltirishar, me'moriy va ulkan binokorlik ishlarini bajarar edilar.

«Sulaymon (a.s)ga esa bo'ronli shamolni (bo'ysundirib), uning amri bilan Biz muborak qilgan zaminga (Shomga) esadigan qilib qo'ydik. Biz barcha narsani biluvchidirmiz. Yana shayton-jinlardan (Sulaymon (a.s) uchun) g'avvoslik qiladigan va bundan boshqa ishlarni ham ado etadiganlarni (bo'ysundirdik). Biz ularni (Sulaymon (a.s)ning amridan chiqib ketmasliklari uchun) qo'riqlab turuvchi bo'ldik.» (Anbiyo: 81, 82)

«Sulaymon (a.s)ga ertalab (dan tush paytigacha) bir oylik, (tush paytidan to) kechgacha bir oylik (masofani bosib o'tadigan) shamolni (bo'ysundirdik) va uning uchun mis bulog'ini oqizib qo'ydik. Yana jinlardan ham Parvardigorining izni-irodasi bilan uning qo'l ostida ishlaydiganlarni (bo'ysundirib qo'ydik). Ulardan kim Bizning amrimizdan toyilsa, Biz unga o't-olov azobidan totdirib qo'yurmiz. Ular (Sulaymon (a.s)ga misdan) u xohlagan narsalarni — ibodatxonalarni, haykallarni, hovuzlar kabi (katta)laganlarni va (o'choqlarga) o'rnashgan (vazmin) qozonlarni qilib berardilar. «(Ey) Dovud (a.s) xonadoni, Alloh sizlarga ato etgan bu ne'matlarning shukronasi uchun amal-ibodat qilinglar! Bandalarim orasida shukr qiluvchi (zotlar juda) ozdir». (Saba': 12, 13)

 

O'ta donolik va chuqur bilim

Sulaymon (a.s)ning zukkoligi va to'g'ri hukm chiqarishga qurdati otasiga ko'tarilgan da'voni hal qilishda ochiq namoyon bo'ldi.

Bir qavmning boshlari ko'rinib qolgan uzumzori bor edi. Boshqa bir qavmning qo'ylari uzumzorga kirib, uni payhon qildilar. Dovud (a.s) qo'ylarni uzumzor egasiga berilsin deb hukm chiqardi. Biroq, Sulaymon (a.s): Ey Allohning payg'ambari, hukm bundan boshqacharoq emasmi? — dedi. Dovud (a.s): Qanday ekan, aytchi?— dedi. Sulaymon (a.s): Uzumzorni qo'ylarning egasiga berilsin, u uzumlarni parvarishlab, avvalgi holatiga qaytarsin. Qo'ylarni esa uzumzorning egasiga berilsin. U esa qo'ylarning yungi va sutidan foydalansin. Uzumzor avvalgi holatiga qaytarilgach, uzumzorni o'z egasiga, qo'ylarni ham o'z egasiga qaytarilsin.

Alloh Taolo Sulaymon (a.s)ni hikmat va bilim bilan xoslaganini shunday bayon qildi: «Dovud (a.s) va Sulaymon (a.s)ning ekinzor xususida hukm qilayotgan paytlarini (eslang). O'shanda unga qavmning qo'ylari bo'shalib kirib (uni payhon qilib yuborgan) edi. Biz ular (chiqargan) hukmga shohid edik. Biz uni Sulaymon (a.s)ga anglatdik.» (Anbiyo: 78, 79)

 

Sulaymon (a.s) qush va hayvonlar tilini bilar edi

Qur'on Karim Sulaymon (a.s)  ning mamlakatini boshqarishdagi tadbiri, salatanatidagi haybatini, qanday qilib Alloh Taolo unga dunyo va oxirat baxt-saodati bilan, podshohlik va dindagi payg'ambarlikni jamlaganini bayon qilgan.

Sulaymon (a.s) qush va hayvonlar tilini bilar edi. Sulaymon (a.s) kunlarning birida insonu jindan va qushlardan tarkib topgan lashkarini jamladi va katta haybat bilan otga mindi. Lashkar o'ta intizomli, o'z qo'mondonlariga itoat etardi. U chumolilar yashaydigan vodiydan o'tib qoldi. Chumolilardan biri o'z qabilasini Sulaymon (a.s) va uning lashkari sezmagan holatda, otlar tuyog'i bilan bosib ketshidan qo'rqib, o'z inlariga kirishga chaqirdi. Sulaymon (a.s) buni tushundi, biroq, Allohning payg'ambari ekanidan kibrlanmadi, balki, bu hodisa uni Allohga hamd, ne'matlariga shukronalar aytishga, uni solih amallarga muvaffaq qilishi va O'zining solih bandalari qatoriga kiritishi uchun Allohga duo qilishga undadi.

 

Hudhud qissasi

Hudhud Sulaymon (a.s)ning suv va dushman qo'shini joylashgan yerlarni ko'rsatib beradigan qidiruvchisi edi. Kunlarning birida Sulaymon (a.s) hudhudni ko'rmadi va shuning uchun uning ijozasiz g’oyib bo’lganligi sababli  jazo bermoqchi bo'ldi. Ko'p vaqt o'tmasdan hudhud Sulaymon (a.s) huzuriga kelib dedi: «Men sen ogoh bo'lmagan narsadan ogoh bo'ldim va senga Saba' (shahri) dan aniq bir xabar keltirdim. Darhaqiqat men bir ayolni ko'rdim. U ularning malikasi ekan. Unga barcha narsadan ato etilgan bo'lib, katta taxti ham bordir. Men u va uning qavmi Allohni qo'yib, quyoshga ibodat qilayotganlarini ko'rdim». Shayton ularga (qilayotgan) amallarini chiroyli ko'rsatib, ularni (Haq) yo'ldan to'sib qo'ygandir. Bas ular (to) Allohga sajda qilmagunlaricha (Haq yo'lga) hidoyat topmaslar.» (Naml: 22-25)

 

Sulaymon (a.s)   Saba' malikasini Islomga da'vat etadi

Allohning payg'ambari Sulaymon (a.s)ga o'z mamlakati yonida ularni bilmaydigan, da'vati ularga etib bormagan, hanuzgacha Quyoshga sig'inadigan podshoh va xalqning borligini bilish og'ir tuyuldi. Sulaymon (a.s)da payg'ambarlarga xos diniy hamiyat qo'zg'aldi. U yengilmas askarlari bilan ularga bostirib borishdan avval, Allohga shirk keltiruvchi malikani Islomga va taslim bo'lishga da'vat etib fasohatli maktub yo'lladi.

Мaktub muloyimlik bilan qattiqqo'llik, payg'ambarlar kamtarligi bilan podshohlar shijoatini o'zida jamlagan edi.

 

Мalikaning davlat arboblari bilan maslahati

Saba' mamlakatiga hukm qilayotgan bu ayol aqilli, hukm chiqarishga shoshilmaydigan, podshohlar va fotihlar haqida yaxshi bilar va ularning tutumlaridan boxabar edi. Faqatgina, uning aqli Allohni tanish va unga ibodat qilish bilishda unga ko'makchi bo'lmadi. (Мaktub yetib kelgach) podshohligi bilan g'ururlanmadi, o'z fikrida qattiq turib olmadi, balki, boshqa maktublarga o'xshamagan bu maktub haqida atrofidagi davlat arboblari bilan maslahat qildi. Chunki maktub o'z zamonasining eng kuchli podshohidan va Allohning yo'liga da'vat etuvchi payg'ambaridan kelgan edi.

Davlat arboblari, har zamondagi saroy odamlari kabi, malikaga xushomad qilib, o'z davlatlarining kuchi va askarlarining ko'pligiga ishora qildilar. Biroq, malika ularning so'zlarini qabul qilmadi, fikrlariga qo'shilmadi. Balki, ularni mag'lub bo'lgan xalqlarga bostirib kelgan podshohlar tarafidan etgan qirg'in va yomon oqibatlardan ogohlantirdi va dedi: Bu kabi holatlar bizning mamlakatimiz va xalqimizning boshiga kelishi mumkin. Yaxshisi, men Sulaymon (a.s)ga sovg'a-salomlar yuborib, uni sinab ko'ray. Agar sovg'alarni qabul qilsa, u bir podshohdir va unga qarshi urushinglar. Agar sovg'alarni qabul qilmasa, u payg'ambardir, unga ergashinglar.

 

Kelishib olish uchun yuborilgan sovg'alar

Мalika podshohlarga munosib ulkan sovg'alar yubordi. Sovg'alar Sulaymon (a.s)ga etib borgach, u sovg'alarga qarab ham qo'ymadi va dedi: Sizlarni qilayotgan shirk amallaringizda va salatantingizda tek tashlab qo'yishim uchun mana shu arzimagan dunyo matolari bilan meni aldashga keldingizlarmi?! Alloh Taoloning menga bergan salatanati, mol-dunyosi va askarlari sizlarning mulkingiz, saltanatingizdan yaxshiroqdir. Bu jiddiy ish, hazil emas. Мasala kelishib olish emas, da'vat va toat masalasidir.

Sulaymon (a.s) ularning yurtini qasd qilgani va mamlakatlariga bostirib borishini bildirdi.

 

Мalika bo'yin egib keldi

Elchilar Saba' malikasining huzuriga kelib, bo'lgan ishni aytib berdilar. Мalika va uning qavmi Sulaymon (a.s) ning da'vatini qabul qilib unga bo'ysunishdi. U askarlari bilan birgalikda taslim bo'lib Sulaymon (a.s)ning huzuriga yo'l oldi.

Ularning kelayotganidan xabar topgan Sulaymon (a.s)   xursand bo'ldi, Allohga hamdlar aytdi. Мalikaga Allohning qudrati va o'ziga berilgan ne'matlarga dalolat qiladigan Allohning mo'jizalaridan birini ko'rsatmoqchi bo'ldi. U malikaning kuchli va omonatdor kishilariga topshirib kelgan taxtini keltirishni xohladi va odamlaridan taxtni ular etib kelishidan avval olib kelishni talab qildi.

Sulaymon (a.s)ning istagi qisqa vaqt ichida bajo keltirildi. Bu — mo'jiza edi. Sulaymon (a.s) malikaning bilimi va ziyrakligini sinash uchun taxtning ba'zi joylarini o'zgartishni amr etdi. Agar malika taxtini taniy olmasa, bu uning bundan ko'ra nozikroq narsalarni tushuna olmasligiga dalolat qiladi.

 

Shishadan qurilgan hashamatli qasr

Sulaymon (a.s) insu jindan iborat quruvchilariga shishadan ulkan qasr qurishni buyurdi. Qasr bitgach uning ostidan suv oqizishdi. Uning shishaligidan bexabar odam suv deb o'ylardi, haqiqatda esa suv shishaning ostida bo'lib uning ustida yurgan odamning oyog'i ho'l bo'lmasdi. Bu erga kirgan malika uni suv deb o'ylab etaklarini ko'tarishi, natijada, hayotda xato qilgani va tashqi ko'rinishlar bilan aldanganligi muqarrar bo'lardi. Chunki malika va uning halqi nur va hayotning eng buyuk ko'rinishi bo'lgan Quyoshga sig'inar edilar. Aslida nur va hayot Alloh Taoloning sifatlaridan edi. O'shandagina malikaning ko'zlari ochilar va shishani suv deb xato qilganidek, Quyoshni Хoliq deb sajda va ibodat qilganining xato ekanini tushunib yetar edi. Bu ish yuzlab xutba va minglab dalildan ko'ra foydaliroq edi.

 

 

Sulaymon (a.s) bilan birga barcha Оlamlar Robbi Allohga bo'ysundim

Sulaymon (a.s) o'ylagandek bo'ldi. Sulaymon (a.s) unga qasr ichida turgan taxtini ko'rsatdi. Мalika naqadar aqlli va ziyrak bo'lmasin, bu katta xatoni qildi: shishani oqayotgan tiniq suv deb o'ylab, etaklarini ko'tardi-da, taxti tomon kechib bormoqchi bo'ldi. Ana shu payt Allohning payg'ambari Sulaymon (a.s)   uni yo'l qo'ygan xatosidan voqif qilib: Bu qasr shishadan qurilgan, dedi. Мalikaning ko'zi ochildi, tashqi ko'rinishga aldangani va bilmasdan Quyoshga ibodat qilganini tushundi-da:

Robbim, men o'z jonimga jabr qildim. Men Sulaymon (a.s) bilan barcha Оlamlar Robbisi — Allohga itoat etdim— dedi.

 

Qur'on Sulaymon (a.s) qissasini hikoya qiladi

(Bolalar,) Qur'on Karimda ushbu shirin va shavqli qissani o'qinglar. Alloh Taolo dedi:

«U qushlarni ko'zdan kechirib (ularning orasida hudhudga ko'zi tushmagach): «Nega men hudhudni ko'rmayapman, balki u (mendan beizn) g'oyib bo'lgandir?! Albatta uni qattiq azob bilan azoblayman yo so'yib yuboraman yoki u menga (o'z uzrini bayon qilib) ochiq hujjat keltiradi», dedi. So'ng uzoqqa qolmay (hudhud kelib) dedi: «Men sen ogoh bo'lmagan narsadan ogoh bo'ldim va senga Saba' (shahri) dan aniq bir xabar keltirdim. Darhaqiqat men bir ayolni ko'rdim. U ularning malikasi ekan. Unga barcha narsadan ato etilgan bo'lib, katta taxti ham bordir. Men u va uning qavmi Allohni qo'yib, quyoshga sajda-ibodat qilayotganlarini ko'rdim». Shayton ularga (qilayotgan) amallarini chiroyli ko'rsatib, ularni (Haq) yo'ldan to'sib qo'ygandir. Bas ular (to) Allohga sajda qilmagunlaricha (Haq yo'lga) hidoyat topmaslar. (Alloh) osmonlar va yerdagi barcha sirlarni oshkor qiladigan hamda sizlar yashiradigan va oshkor qiladigan barcha narsalarni ham biladigan zotdir.« Alloh — hech qanday barhaq iloh yo'q, magar Uning O'zigina barhaqdir. U ulug' arsh egasidir.» (Sulaymon (a.s)) dedi: «Sen rost so'zladingmi yoki yolg'onchilardan bo'ldingmi, ko'ramiz. Мana bu maktubimni olib borib, ularga tashlagin, so'ngra ulardan chetlanib kuzatgin-chi, nima (javob) qaytarar ekanlar.» (Qachonki hudhud Sulaymon (a.s)ning maktubini olib kelib, malika Bilqaysning oldiga tashlagach) u dedi: Ey odamlar, haqiqatan menga ulug' bir maktub tashlandi. Albatta u Sulaymon (a.s)dandir va u (maktubda shunday bitilgandir): «Мehribon va rahmdil Alloh nomi bilan boshlayman. Sizlar menga kibr-havo qilmay, huzurimga bo'ysungan holingizda kelingiz!» (Мalika) aytdi: Ey odamlar, menga bu ishimda maslahat beringlar. Men to sizlar guvoh bo'lmaguningizcha biron ish haqida hukm qiluvchi emasman.» Ular dedilar: «Bizlar kuch-quvvat va jur'at-matonat egalaridirmiz. (Qanday ishga) buyurish sening o'zingga havola. Nimaga buyurishni o'ylab ko'raver, (bizlar esa senga itoat eturmiz).» U aytdi: «Aniqki podshoxlar qachon biron qishloqqa (bostirib) kirsalar uni vayron etadilar, aholisining obro'-e'tiborlilarini esa hor-zor qiladilar. Ularning qilmish-odatlari shudir. Men ularga bir hadya yuborib, ko'ray-chi, elchilarim nima (xabar) bilan qaytar ekanlar.»

I z o h: Bilqays dono malika edi. U hadya yuborish bilan Sulaymon (a.s) ning haqiqiy payg'ambarmi yoki oddiy bosqinchi podshohmi ekanligini imtihon qiladi. Мalikaning fikri shunday edi: «U agar oddiy podshoh bo'lsa, hadyani darhol qabul qiladi, demak unga qarshi hujum uyushtirish ham mumkin bo'ladi. Endi agar u Alloh Taoloning payg'ambari bo'lsa, hadya qabul qilmaydi, u holda unga bo'ysunish lozim bo'ladi»

Qachonki (Bilqaysning elchilari uning yuborgan hadyasini olib) Sulaymon (a.s) (huzuriga) kelgach u dedi: «Sizlar menga mol-dunyo bilan madad bermoqchimisiz?! U holda (bilingizki), Alloh menga ato etgan (payg'ambarlik va mulku-davlat) U zot sizlarga bergan (mol-dunyodan) yaxshiroqdir. Balki sizlar hadyalaringiz bilan xursand bo'larsizlar, (lekin mening unga ehtiyojim yo'qdir). Sen (qavmingga) qaytib borib (aytginki, agar huzurimga bo'ysungan hollarida kelmasalar) albatta biz ularga shunday qo'shin bilan borurmizki, ular unga aslo bas kela olmaslar va albatta biz ularni (qishloqlaridan) mag'lub hollarida quvib chiqaramiz.

I z o h. Bilqaysning elchisi uning oldiga hadya bilan qaytib borib Sulaymon (a.s)  ning javoblarini etkazgach, u «Bu oddiy podshoh emasligini bilgan edim», dedi va Sulaymon (a.s) payg'ambarga: «Men sening kimligingni va da'vat qilayotgan dining qanday din ekanligini bilish uchun o'z a'yonlarim bilan huzuringga bormoqdaman», degan xabar bilan chopar yuborib, o'zi o'n ikki ming odam bilan yo'lga tushdi. Qachonki ular Sulaymon (a.s)  ning qarorgohlariga yetib kelishlariga bir farsax (olti chaqirim atrofida) qolganida u zot bundan xabar topib, ularga o'zining haq payg'ambar ekanligini isbotlaydigan bir mo''jiza ko'rsatish va malika Bilqaysning fahmu-farosatini sinash maqsadida qo'l ostidagi xaloyiqqa qarab: Ey odamlar, ular mening huzurimga bo'ysungan hollarida kelishlaridan ilgari qaysi birlaringiz menga uning (ya'ni Bilqaysning o'z shahrida qolgan) taxtini keltira olur», dedi. (Shunda) jinlardan bir paxlavoni aytdi: «Men uni sen o'rningdan turishingdan ilgari senga keltiraman. Albatta men bunga qodir va ishonchlidirman. Kitobdan ogohligi bor ilmli bo'lgan bir zot esa: «Men uni ko'zing o'zingta qaytgunicha (ya'ni ko'z ochib yumguncha) senga keltiraman», dedi. «Bu Parvardigorimning men shukr qilamanmi yoki kufroni ne'mat qilamanmi, imtihon etish uchun bergan fazlu-marhamatidandir. Kim shukr qilsa, bas, albatta u faqat o'z (foydasi) uchun shukr qilur. Kim kufroni ne'mat qilsa, bas, albatta Parvardigorim (uning shukr qilishidan) behojat va fazlu-karam egasidir.» «Qachonki malikaning kelishi yaqinlashib qolgach, Sulaymon (a.s) (uning fahmu-farosatini sinash uchun) dedi: «Uning taxtini tanimaydigan qilib — o'zgartirib qo'yinglar u (o'z taxtini tanishga yo'l) topadimi yoki yo'l topa olmaydigan kimsalardan bo'ladimi, ko'ramiz.» Endi qachonki u kelgach: «Sening taxting shundaymidi?» —  deyildi. U (hayratga tushib): «Хuddi o'shaning o'zi-ku» dedi. (Shunda Sulaymon (a.s) aytdi: «Alhamdulillohki), bizlarga undan ilgari ilm-ma'rifat berilib, musulmon bo'lganmiz. Uni esa o'zi Allohni qo'yib, ibodat qilgan narsasi (Allohga shirk keltirib, musulmon bo'lishdan) to'sgandir. Chunki u kofir qavmdan edi.» (Мalikaga): «Saroyga kirgin»,  deyildi. Endi qachonki u (saroyni) ko'rgach, uni suv deb o'ylab oyoqlarini ochgan edi, (Sulaymon (a.s)): «Bu oynadan yasalgan baland qasrdir», dedi. (Shunda malika) aytdi: «Parvardigorim, darhaqiqat men (quyoshga sig'inish bilan) jonimga jabr qilibman, (endi) Sulaymon (a.s) bilan birga barcha olamlar hojasi — Allohga bo'ysundim».

Allohning payg'ambari Sulaymon (a.s)   shunday edi. Siz uning Alloh yo'liga va tavhidga da'vat qilishdagi uslubi, hikmati, bilimi va o'z dini va etiqodiga bo'lgan sadoqatini ko'rib chiqdingiz.

 

Sulaymon (a.s) emas, Shaytonlar kofir bo'ldilar

Yahudiylar Sulaymon (a.s)  ga Alloh Taolo payg'ambarlik, hikmat va Dovud (a.s) ga o'rinbosarlik bilan musharraf qilgan payg'ambar u yoqda tursin, qalbini iymon uchun ochgan muvahhid mo'minga noloyiq bo'lgan narsalarni nisbatladilar.

Ular Sulaymon (a.s)  ni kofirlik, sehrgarlik, shirk amallariga beparvolik va xotinlari sababli tavhid ishida beqarorlik bilan aybladilar. Alloh Taolo Sulaymon (a.s)  ni bunday ayblardan oqlab dedi:

«Sulaymon (a.s) kofir emas edi, balki odamlarga sehr o'rgatadigan shay­tonlar kofir edilar.»;

«Biz Dovud (a.s)ga Sulaymon (a.s)ni hadya etdik. (Sulaymon (a.s)) naqadar yaxshi bandadir.»;

«Shak-shubhasiz (Sulaymon (a.s)) uchun Bizning huzurimizda yaqinlik va go'zal oqibat (ya'ni jannat)dir».

Комментарии (0)

RSS feed Comments

Написать комментарий

smaller | bigger

busy
 

 

 

 

Copyright © 2010 Hidoyat control managment! Inc. All rights reserved. Barcha ma'lumotlar "Hidoyat Tahririyati" ostida nazoratiga kiradi.